Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

Bitiruvchilar bandligini ta’minlash — ustuvor vazifa

Toshkent davlat yuridik universitetida bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ularni ishga joylashtirish masalalariga bag‘ishlangan anjuman tashkil etildi. 

Tadbirda TDYU rahbariyati, fakultet dekanlari va soha mas’ullari ishtirok etdi. 

Anjumanda universitet rektori Rahimjon Xakimov bitiruvchilar bandligini ta’minlash ustuvor vazifa ekanini alohida qayd etib, har bir bitiruvchini ish bilan ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rish, talabalarning qiziqishi, istaklari va qobiliyatini o‘rganish asosida ularni tashkilot va idoralarga yo‘naltirish lozimligini ta’kidladi. 

Rektor kelgusi o‘quv yilidan talabalarning ishga joylashish holatidan kelib chiqib, fakultetlar reytingini shakllantirish va uni har yili dekabr oyida e’lon qilish, shu bilan birga, universitet rasmiy saytida TDYU bitiruvchilari va ish beruvchilar uchun maxsus maydon yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shundan so‘ng har bir fakultet kesimida talabalar bandligini ta’minlash bo‘yicha dekanlarning ma’lumotlari tinglandi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy o‘quv yilida TDYUda 833 nafar, shu jumladan, “Xususiy huquq” fakultetida 270 nafar, “Ommaviy huquq” fakultetida 177 nafar, “Jinoiy odil sudlov” fakultetida 252 nafar, “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” fakultetida 134 nafar talaba o‘qishni bitiradi. Ayni paytga qadar ularning 136 nafari (bitiruvchilarning qariyb 20 foizi) ishga joylashgan. 56 nafar talaba turli tashkilot va idoralarda stajirovka o‘tayotgan bo‘lsa, 234 nafari magistraturada o‘qishni davom ettirish, 10 nafar talaba yuridik texnikumlar yoki TDYU qoshidagi akademik litseyda faoliyatini olib borish istagini bildirgan.

Bundan tashqari, aksar talabalarning hujjatlari qator davlat tashkilotlariga yuborilgan bo‘lib, ularning javobi kutilmoqda. 

Shuningdek, kelgusi haftadan Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Milliy gvardiya va qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Karyera va amaliyot kunlari”ni tashkil etish rejalashtirilgan. 

Talabalar bandligini ta’minlash borasidagi amaliy sa’y-harakatlar davom etmoqda.












So`ngi yangiliklar

Barcha yangiliklar

Hodisalar

Barcha e'lonlar