Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

TDYU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Islombek Rustambekov bir vaqtning o‘zida akademik litseyning yangi direktori etib tayinlandi

Xabaringiz bor, Prezidentimizning 2020-yil 3-dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, oliy ta’lim muassasalarining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori bir vaqtning o‘zida akademik litsey direktori etib tayinlandi.

Ushbu qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida TDYU qoshidagi akademik litsey faollar zalida TDYU rektori Rahimjon Xakimov, Xalqaro hamkorlik va uzluksiz ta’lim bo‘yicha prorektor Dilshod Umarov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Islombek Rustambekov, TDYU mas’ul xodimlari, akademik litsey rahbariyati, o‘qituvchilar va o‘quvchilar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Tadbir avvalida, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori R.Xakimov so‘zga chiqib, mamlakatimizda ilm-fan, ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar, davlatimiz rahbarining “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati va unda belgilangan vazifalar xususida ishtirokchilarga ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, qarorga ko‘ra, har bir oliy ta’lim muassasasi o‘z qoshidagi akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish uchun ilg‘or xorijiy mamlakatlar malakali ekspertlarini hamda o‘quvchilarning kamida bitta xorijiy tilni puxta o‘zlashtirib chiqishi uchun dars mashg‘ulotlariga yuqori malakali pedagoglarni jalb qilishi va ular uchun zarur sharoitlarni yaratishi lozim.

Shuningdek, qarorda huzurida akademik litseylar mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlari bir vaqtning o‘zida litsey direktori lavozimiga tayinlanishi va oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, shu jumladan, rahbar xodimlari belgilangan tartibda akademik litseylarda dars mashg‘ulotlarini olib borishi belgilangan.

Shu munosabat bilan uchrashuvda TDYU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Islombek Rustambekov akademik litseyning yangi direktori sifatida jamoaga tanishtirildi.

Uchrashuv davomida R.Xakimov akademik litseyda iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur sharoitlar yaratish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini rag‘batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasidagi ishlarni tizimli amalga oshirish borasida qator takliflarni o‘rtaga tashladi.

Tadbir yakunida TDYU rektori universitet va akademik litsey jamoasi nomidan bu yerda uzoq yillardan buyon direktor lavozimida faoliyat yuritib kelgan Sh.Boboqulovga minnatdorchiligini bildirdi.

So`ngi yangiliklar

Barcha yangiliklar

Hodisalar

Barcha e'lonlar